Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qariyb 95 kilogramm “gashish” giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyati Qibray tumanidagi dala maydonida daraxtlar orasiga yashirib ketilgan 4 dona xo‘jalik qopi aniqlandi. Ularning ichidagi 109 dona o‘ram Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, salkam 95 kilogramm “gashish” ekani tasdiqlandi. Tezkor guruh giyohvandlik vositalarini olib ketish uchun kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida hududni bir necha kun kuzatuvga olib, oradan 8 kun o‘tgach, u yerga kelgan ikki nafar fuqaroni qo‘lga oldi.
Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi. O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni tashkil qilgan va giyohvandlik vositalarini yashirib ketish bo‘yicha topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu shaxs muqaddam benzin kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Bojxona qo‘mitasi qo‘zg‘atgan jinoyat ishi doirasida javobgarlikka tortilgan bo‘lgan.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur miqdordagi “gashish” 700 mingta isteʼmol dozasiga teng bo‘lib, uning noqonuniy muomalaga chiqarilishi aholi, ayniqsa yoshlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirar edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati oxirgi isteʼmolchigacha yetib borgan taqdirda 10 million AQSH dollaridan oshishi mumkin edi.