O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Argentina bilan rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvi nima sababdan amalga oshmaganini tushuntirdi. Bu haqda u 23-sentyabr kuni Eron terma jamoasiga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida muzokaralar olib borilgan, biroq argentinaliklar o‘yinga uch hafta qolganida to‘satdan uchrashuvni bekor qilishgan.
“Biz Argentina bilan muzokaralar olib bordik. O‘yinga uch hafta qolganida ular uchrashuvni bekor qildi. Bu Messi bilan bog‘liq edi. U faoliyatini yakunlashga qaror qilgan va terma jamoadagi so‘nggi uchrashuvini Argentinada o‘tkazishni xohlagan”, — dedi Fabio Kannavaro.
Ushbu o‘yin barbod bo‘lgach, qisqa fursat ichida boshqa top-darajadagi jamoani raqib sifatida topish imkoni bo‘lmagan. Shu sababli O‘zbekiston terma jamoasi ushbu xalqaro oyna doirasida Suriya terma jamoasi bilan ham o‘ynaydigan bo‘ldi.
Matbuot anjumanida Kannavaro hozirda tarkibga jalb etilmagan futbolchilar uchun ham terma jamoa eshiklari yopiq emasligini urg‘uladi. U barcha o‘zbekistonlik o‘yinchilarni diqqat bilan kuzatib borayotgani va har birida milliy jamoaga chaqir olish imkoniyati borligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi FIFA kunlari doirasida Eron, Suriya va Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi. Jumladan, Eron bilan o‘yin 24-sentyabr kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida soat 19:00 da boshlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!