Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar harakati va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hukumat kuchlari o‘rtasida Qizil dengiz sohili nazorati uchun shiddatli janglar davom etmoqda. "The Guardian" nashrining xabar berishicha, so‘nggi uch kunning o‘zida mamlakatdagi to‘qnashuvlar va havo zarbalari oqibatida 169 nafargacha odam halok bo‘lgan.
Husiylar harbiy vakillarining ma’lum qilishicha, 20-sentabrdan buyon Taiz, al-Javf, Marib va Saada viloyatlaridagi janglar hamda Saudiya Arabistonining havo va artilleriya zarbalari natijasida kamida 118 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Yaman hukumati manbalari esa o‘z tomonida kamida 36 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
22-sentabr kuni Moha port shahriga berilgan zarba oqibatida ikki nafar bola va to‘rt nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Shuningdek, al-Javf viloyatidagi qamoqxonaga berilgan zarba to‘qqiz nafar mahbusning o‘limiga sabab bo‘lgan.
So‘nggi uch hafta ichida husiylar tomonidan boshlangan keng ko‘lamli hujumlar natijasida guruh Yamanning Qizil dengiz sohilining katta qismini, jumladan, jahon dengiz yuklarining o‘n foizi o‘tadigan muhim strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatdi. Bu husiylarning so‘nggi to‘rt yildagi eng yirik hududiy yutuqi hisoblanadi.
Mazkur harbiy harakatlar va Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozining yopilishi jahon energetika bozorlariga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. Yangi to‘qnashuvlar oqibatida Yamandagi gumanitar inqiroz yanada chuqurlashgan. Hozirgi kunda mamlakatda qariyb 22 million kishi insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lib, 5,2 million kishi ichki ko‘chirilganlar qatoriga qo‘shilgan. Mojarolar boshlanganidan buyon jami 700 ga yaqin odam halok bo‘lgan, 100 mingdan ortiq aholi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Xalqaro miqyosda "Katta yettilik" davlatlari Eronni husiylarni qurollantirishni to‘xtatishga chaqirgan. O‘z navbatida, Buyuk Britaniya mudofaa operatsiyalarida ishtirok etayotgan Saudiya Arabistoni samolyotlariga havoda yoqilg‘i quyishda yordam berishini bildirgan. BMT vositachiligida 2022 yilda erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, husiylarning so‘nggi hujumlari mintaqadagi vaziyatni yana-da keskinlashtirdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!