O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan kichik va o‘rta biznesni (KO‘B) qo‘llab-quvvatlash konsepsiyasini ishlab chiqdi. Hujjat tadbirkorlarning moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kreditlash tizimini takomillashtirish va moliya bozorida raqobatni kuchaytirishga qaratilgan.
Konsepsiya moliyaviy va narxlar barqarorligini saqlagan holda bozor tamoyillari, raqobat hamda raqamli ma’lumotlarga asoslangan biznesni moliyalashtirish tizimini shakllantirishni nazarda tutadi. Hujjat 25 ta o‘zaro bog‘liq tashabbusni o‘z ichiga oladi.
Tashabbuslar doirasida tadbirkorlar uchun moliyalashtirish manbalari va moliyaviy mahsulotlar tanlovini kengaytirish, kredit olish jarayonlarini soddalashtirish hamda xizmatlar shaffofligini oshirish ko‘zda tutilgan. Kredit tarixi yoki an’anaviy garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan, shuningdek, hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Konsepsiya banklar va nobank moliya tashkilotlari o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirish, kredit risklarini baholashni yaxshilash, kredit ajratish va monitoring xarajatlarini kamaytirishni ham nazarda tutadi. Davlat dasturlari doirasida esa yagona ma’lumotlar bazasi, muvofiqlashtirilgan monitoring va umumiy natijadorlik mezonlarini joriy etish orqali mablag‘larni ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, konsepsiya dastlab pilot rejimida amalga oshiriladi. Uning natijalari va bozor sharoitidagi o‘zgarishlar asosida hujjat har yili takomillashtirib boriladi.
Konsepsiya bilan Markaziy bankning rasmiy sayti orqali tanishish mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!