O‘zbekistonda shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalar uchun 2030-yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish taklif etildi. Shuningdek, ularni aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish va energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatlarining yarmini qoplash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bu takliflar issiqxonalarga “yashil” texnologiyalarni joriy etish va ularning ekologik xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan taqdimotda ilgari surildi.
Bundan tashqari, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga ekologik toza energiya manbalari hamda samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant ajratish taklif qilindi. Yangi ekologik toza issiqxonalar qurish uchun 300 million so‘mgacha, mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun esa 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun maxsus ekologik tartib joriy etish ham taklif qilindi. Unga ko‘ra, tabiiy gaz, elektr energiyasi, geotermal va quyosh energiyasi hamda issiqlik elektr stansiyalarining ikkilamchi issiqligidan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Shina, plastmassa, bitum, mazut, ishlatilgan moy va chiqindilarni yoqish taqiqlanishi, qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan issiqxonalar esa 2026-yil 1-dekabrgacha ekologik toza energiya manbalariga o‘tishi taklif etilmoqda.
Qayd etilgan soliq imtiyozlari va moliyaviy yordam choralari hozircha taklif sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!