Bugun, 2-noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan telefon muloqot o‘tkazdi.
Bildirilishicha, suhbat davomida muloqot va diplomatiya mavjud chaqiriqlarga yechim topishda hamda o‘zaro tushunishni mustahkamlashning eng samarali vositasi ekani alohida ta’kidlangan.
“Suhbatimiz chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy jarayonlar yuzasidan fikr almashdik. Hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga oid o‘zaro sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik”, – deb yozadi Baxtiyor Saidov.
Mavlaviy Amir Xon Muttaqiyning ma’lum qilishicha, Afg‘oniston hukumati barcha qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hurmat, aralashmaslik va konstruktiv aloqalar asosida munosabatlar o‘rnatishni xohlayotganini aytgan. U, shuningdek, O‘zbekiston kabi mintaqadagi davlatlar bilan ijobiy munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan va har qanday aralashuvdan ko‘ra, tushunish, iqtisodiy hamkorlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!