Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning prezidentlik muddati yangi Konstitutsiya kuchga kirishi munosabati bilan «nollashtirildi». Natijada u yana prezidentlikka nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda 7-iyul kuni mamlakat Konstitutsiyaviy sudi ma’lum qildi. 1-iyuldan Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya kuchga kirdi. To‘qayev 2019-yilda mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rniga davlat rahbari lavozimini egallagan edi. Avvalgi Konstitutsiyaga ko‘ra, uning vakolat muddati 2029-yilgacha bo‘lgan yagona muddat bilan cheklangandi. Yangi Konstitutsiya prezident uchun bir martalik yetti yillik muddatni saqlab qolgan.
Biroq Konstitutsiyaviy sud qaroriga ko‘ra, eski Konstitutsiya davridagi prezidentlik muddati ushbu cheklovni hisoblashda inobatga olinmaydi. Sud Prezident murojaatiga javoban bergan izohida, 1995-yilgi Konstitutsiyaga muvofiq lavozim egallagan shaxslar 2026-yilgi Konstitutsiya kuchga kirgach, ushbu lavozimlarga qayta saylanishi yoki tayinlanishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, yangi Konstitutsiya kuchga kirganidan keyingi saylov yoki tayinlov ular uchun birinchi muddat sifatida baholanishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi prezidentlik saylovida To‘qayev 81,31 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi. Avvalroq Qosim-Jomart To‘qayev Konstitutsiyaga sodiq qolishini va 2029-yildan keyin prezidentlik lavozimida qolmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, u 2025-yilda bergan intervyusida: «2029-yilda iste’foga chiqishimni allaqachon e’lon qilganman. Prezident Xudoning elchisi emas, u xalq tomonidan saylangan davlat rahbari. Bizda esa buning uchun atigi yetti yil berilgan», — degan edi. Ma’lumot uchun, To‘qayev prezidentlik faoliyatidan avval Qozog‘iston Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ham ishlagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!