Toshkent shahar soliq boshqarmasining sobiq boshlig‘i Yunusjon Nasimjonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudga oshirilgan. Bu haqda “Daryo” sud majlisiga tayinlangan ishlar ro‘yxatidan ma’lum qildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Nasimjonov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi — o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 205-moddasi 2-qismi “a” bandi — hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.
Yunusjon Nasimjonov 2021–2026-yillarda Toshkent shahar soliq boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2026-yil 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda uni lavozimidan ozod etish va faoliyatini o‘rganish topshirilgan.
Shu yig‘ilishda Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i ham lavozimidan ozod etilgandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher G‘aniyevga nisbatan ham jinoyat ishi ko‘rilmoqda.
Sud hujjatlariga ko‘ra, G‘aniyev Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi hamda 223-moddasi 2-qismining “v” va “g” bandlarida nazarda tutilgan qilmishlarda ayblanmoqda.
G‘aniyev ham 27-yanvardagi yig‘ilishdan so‘ng lavozimidan ozod etilgan. Yig‘ilishda uning ayrim tadbirkorlarga soliqdan bo‘yin tovlash yo‘llarini ko‘rsatgani haqida ma’lumot berilgandi.
Nasimjonov va G‘aniyevga oid jinoyat ishlarini 21-sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida ko‘rib chiqish belgilangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!