Surxondaryo viloyatida universitetning uchinchi bosqichida tahsil olayotgan talaba ayol tug‘ilmagan farzandini 1,5 ming dollarga sotishga uringan. Sud hujjatlariga ko‘ra, u pulni o‘qishining yillik kontrakt to‘loviga sarflashni rejalashtirgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Termiz shahridagi universitet talabasi J.S. joriy yil boshida tug‘ilishi kutilayotgan o‘g‘lini sotish uchun xaridor qidirgan. Yanvar oyining boshlarida u J.G. ismli ayol bilan tanishgan.
J.S. unga hali tug‘ilmagan farzandini sotmoqchi ekanini aytgan va buning uchun 1,5 ming dollar olishga kelishgan.
15-yanvar kuni J.S. Termiz tumanidagi tug‘ruqxona binosida kelishilgan pulni olayotgan vaqtida viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi 26-mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida J.S. aybiga iqror bo‘lgan. U homilador bo‘lib qolganidan oila a’zolari bexabar bo‘lganini bildirgan.
Sud hukmiga ko‘ra, J.S. Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan aybdor deb topilgan. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Ma’lumot uchun, avvalroq Surxondaryoda 2014-yilda tug‘ilgan farzandini 40 million so‘mga sotishga uringan 30 yoshli ayol 3 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!