Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasidagi investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda. Uchrashuvda energetika tizimini rivojlantirish, sohaga investitsiyalar jalb etish va energiya ta’minoti barqarorligini oshirish masalalari muhokama qilinmoqda. Tadbir doirasida umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik oltita yirik loyiha bo‘yicha bitimlar imzolandi.
Davlat rahbari energetikani taraqqiyotning yuragi deb atab, barqaror energiya ta’minoti tadbirkorlar sarmoyasi va aholining ertangi kunga ishonchi uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yil davomida energetika sohasidagi muammolarni hal qilish, eskirgan quvvatlarni yangilash va ortib borayotgan talabni qoplash maqsadida energetika bozori xususiy investitsiyalar uchun ochildi hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi. Ushbu davrda sohaga 35 milliard dollar investitsiya kiritildi. Hamkor davlatlar soni esa 2–3 tadan 10 dan ortiqqa yetdi.
Quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hisobiga qayta tiklanuvchi energiyaning jami elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 31 foizga ko‘tarildi. «Yashil» energiya ishlab chiqarish quvvatlari 11,1 gigavattni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 28 foizga oshib, yiliga 2 300 kilovatt-soatga yetdi.
Imzolangan oltita yirik loyiha doirasida 3 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish va 400 megavatt energiya saqlash quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan.
Hozirda umumiy qiymati 4,7 milliard dollarlik loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolangan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi natijasida yangi generatsiya va energiya saqlash quvvatlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!