
Hozirgi kunda koronavirus haqidagi dahshatli xabarlar ko‘pchilikni vahimaga solib qo‘ydi. Biroq ularning hammasiga ham ishonish kerak emas. Quyida odamlarni vahimaga solgan-u aslida esa xato bo‘lib chiqqan yangiliklardan ayrimlarini keltirib o‘tmoqchimiz.
“Maktablarda o‘qish bekor bo‘larmish”
Eng birinchi shov-shuvli va asossiz xabarni yurtimiz hayotidan olmasak, uyat bo‘lar... Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston maktablarida koronavirus tufayli 15-mart kunidan boshlab ta’til e’lon qilinishi haqida ma’lumot tarqaldi. Xalq ta’limi vazirligi mazkur tarqatilgan ma’lumot noto‘g‘riligini ma’lum qildi. O‘quvchilar har yilgidek, 21-mart kunidan navbatdagi ta’tilga chiqadi. Ta’til yetti kun davom etishi kutilmoqda.
Bu xabar mutlaqo asossiz bo‘lgani bois ro‘yxatimiz boshidan o‘rin oldi.
“Bananlardan koronavirus yuqishi mumkin”
“Sinxua kasalxonasining Chunmin bo‘limi: kecha soat 02:13da “n7n9” virusini yuqtirgan 23 nafar ayol va erkak halok bo‘ldi. Kattasi – 35 yoshda, eng kichigi – 1 yoshda edi. Asosiy kanalning xabarlariga ko‘ra, bananni vaqtincha iste’mol qilmaslik tavsiya qilinadi”. Bu xabar rossiyaliklar telefonida rosa aylandi.
O‘zbekistonga ham banan Xitoydan keladi, deb qo‘rqqan ota-onalar bolalariga bu mevani bermay qo‘yishdi. Buning oqibatida bozorlarda sotilayotgan bananlar narxi tushib, qorayib ketdi. Aslida esa koronavirusning banan, meva hamda sabzavotlar orqali yuqish holati rasman tasdiqlanmagan. Chunki o‘simliklar bu kasallik bilan “og‘rimaydi”. Rossiya hamda O‘zbekistonga banan yetkazib beruvchi davlat esa Ekvador hisoblanadi. Shunday ekan, xavotirga hojat yo‘q.
“AliExpress orqali keladigan buyumlar xavfli”
Koronavirus tufayli butun dunyo vahimaga tushgach, ko‘pchilik AliExpress’dan buyurtma berishga ham qo‘rqib qoldi. Ba’zilar telefon, smartfon uchun qoplamalar, uy uchun boshqa kichik buyumlarni sotib olish mumkinmi? deb so‘rashda davom etmoqda. Aslida esa virus mavjud bo‘lishi uchun tirik to‘qima kerak. Aynan undan virus o‘z faoliyati va ko‘payishi uchun oqsil oladi. Qulay muhit bo‘lmasa, ko‘pchilik viruslar bir kun ham yashay olmaydi. Kamdan-kam hollarda tirik qolish muddati bir necha kunga uzayishi mumkin. Agar buyumda tupuk, tirik organizm to‘qimalari yoki qon kabi biologik izlar mavjud bo‘lsa virusning umr ko‘rish davomiyligi oshishi mumkin, ammo bu uzoqqa cho‘zilmaydi.
Batafsil bu yerda o‘qing:
Jonli efirdagi o‘lim talvasasi
Odamlar ko‘chaning o‘rtasida birdan talvasaga tushib, jon taslim qilmoqda. Ba’zilarining og‘zidan qon keladi, ayrimlari esa hatto zombilarga o‘xshab boshqa odamlarga tashlanmoqda. Bunday videolar telefon orqali urchib ketdi. Voqeaning qachon va qayerda sodir bo‘lgani ma’lum emas. O‘sha bemorlarning aynan koronavirusdan o‘layotgani ham aniq emas. Shunday ekan, bunday videolardan qo‘rqish kerak emas.
Koronavirus – xitoyliklarning quroli
Kasallikning ilk belgilari Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan. Aynan shu yerda yirik biolaboratoriya joylashgan edi. Epidemiya boshlanishi bilan xitoyliklar biologik qurol yaratishgani, koronavirus ayni shu qurol ekanligi xususida gapira boshladilar. Mish-mishlarga ko‘ra, qurol nazoratdan chiqib ketib, o‘z yaratuvchilarini halok etishga kirishgan. Aslida esa koronavirus mahalliy bozorda sotilayotgan ko‘rshapalaklar go‘shti orqali tarqalganligi haqiqatga yaqin taxmin sifatida baholanmoqda. Ularning populyatsiyasi bunday viruslar uchun tabiiy omborxona vazifasini o‘tagan. Xitoyda esa ko‘rshapalak go‘shti keng iste’mol qilinadi. To‘g‘rirog‘i, iste’mol qilingan.
Koronavirus – xitoyliklarga qarshi yaratilgan qurol
Ayrimlar koronavirus xitoyliklarga qarshi yaratilgan qurol va faqat ular o‘limga mahkum, degan xato fikrni ham ilgari surishmoqda. Olimlarning fikricha, ayrim millat vakillarini qirib yuborish uchun biologik qurol yaratish mumkin emas. Millat va elatlar bir-biri bilan chatishib ketgan. Shu bois yevropaliklar osiyoliklarga qarshi biologik qurol ishlatishi befoyda. Bu bilan o‘zining ham kasallanish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Hozirda bu xabarning yolg‘onligi o‘z isbotini topdi. Chunki yangi turdagi koronavirus Xitoy chegarasidan chiqib, butun dunyoga keng quloch yoyib bormoqda.
P/s: Ota-bobolarimiz aytganidek, “Qirq yil qirg‘in kelsa ham, ajali yetgan o‘ladi”. Shunday ekan, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash Vazirligi tavsiya etganidek, qo‘llaringizni tez-tez yuvib turing, yo‘talayotgan va aksirayotgan odamlardan uzoqroq yuring. Ana shunda balki sizga kasallik yuqmas... Aytgancha, isiriq tutatishni unutmang!
Ozoda Halimova, Xabardor.uz
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!