O‘zbekistonda noqonuniy GSM-shlyuz qurilmalaridan foydalanib, soxta koll-markaz tashkil etgan va fuqarolarning bank kartalaridagi mablag‘larni o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi. Guruh a’zolari firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan jami 8 million dollarni kriptovalyutaga aylantirib, xorijga chiqarib yuborgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi, 1989–2005-yillarda tug‘ilgan besh nafar shaxs Mirobod tumanidagi noturar binoda soxta koll-markaz tashkil etgani aniqlangan. Guruh bilan aloqador yana bir fuqaro boshqa xonadonga GSM-shlyuz qurilmasini o‘rnatgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs boshchilik qilgan guruh a’zolari turli banklar nomidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan. Ular mijozlarga nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirishga urinish bo‘layotganini aytib, shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Keyinchalik fuqarolarning bank kartalaridagi pullar o‘zlashtirilgan va ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirilgan. Guruh a’zolari orasida yirik banklardan birining bosh ofisida kiberxavfsizlik bo‘limida ishlovchi xodim ham bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, noqonuniy yo‘l bilan olingan 8 million dollar soxta mas’uliyati cheklangan jamiyat orqali kriptovalyutaga aylantirilib, xorijga chiqarilgan va legallashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov davomida jinoyatga aloqadorligi taxmin qilinayotgan jami 10 nafar shaxs aniqlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!