O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Prezidentning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Yangi qonunga muvofiq, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun jazo kuchaytirildi. Bunday jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ham javobgarlik og‘irlashtirildi.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Zo‘ravonlik jinoyatlaridan jabrlangan bolalarni so‘roq qilish jarayoni videoyozuv orqali qayd etiladi.
Qonun bilan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish jarayonida zo‘ravonlik ishlatganlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kuchaytirildi. Bundan tashqari, shahvoniy shilqimlik, bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzish va tilanchilik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazolar qat’iylashtirildi.
Qonun bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, jabrlangan bolalarning huquqlarini ta’minlash va bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!