Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy iste’foga chiqishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati sababli hozirgi sharoitda prezidentlik saylovlarini o‘tkazish imkonsizligini aytdi. Bu haqda Zelenskiy jurnalist Pirs Morganning “Uncensored” shousida so‘zlagan.
Jurnalistning iste’foga chiqish rejalari haqidagi savoliga Ukraina rahbari: “Albatta, yo‘q. Bu mening mas’uliyatim”, deb javob bergan.
Zelenskiy saylovlarni o‘tkazishga asosiy to‘siq sifatida mamlakatdagi xavfsizlik vaziyatini ko‘rsatgan. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga har soatda hujumlar uyushtirilayotgan bir paytda saylov o‘tkazish xavfsizlik nuqtai nazaridan mumkin emas. Shuningdek, prezident frontdagi harbiy xizmatchilar ham ovoz berish huquqiga ega bo‘lishi va birinchi navbatda o‘z tanlovini amalga oshirishi kerakligini ta’kidlagan.
Avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Zelenskiyni tanqid qilib, Ukraina kelishuvlar tuzishga qodir yangi yetakchi topishi kerakligini aytgan edi. Zelenskiy esa Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Biroq Kreml ushbu taklifni rad etgan.
Hozircha Zelenskiy iste’foga chiqish niyati yo‘qligini bildirgan, saylovlar o‘tkazish masalasi esa xavfsizlik vaziyati va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!