Germaniyada Rossiya fuqarolari orasida mamlakat fuqaroligini oluvchilar soni keskin ko‘paydi. 2024-yilda 12 980 nafar, 2025-yilda esa 19 736 nafar Rossiya fuqarosi Germaniya pasportini olgan. Bunga fuqarolik olish tartibining yengillashtirilishi, jumladan, talab etiladigan yashash muddati qisqartirilgani ta’sir ko‘rsatgan.
Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin ko‘plab rossiyaliklar mamlakatni tark etib, Yevropa davlatlariga ko‘chib o‘tdi. Germaniya ular uchun asosiy yo‘nalishlardan biriga aylandi. Germaniya Federal statistika idorasi (Destatis) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ro‘yxatga olingan Rossiya fuqarolari soni 2021-yil oxiridagi 268 620 nafardan 2023-yilda 308 015 nafargacha oshgan.
Biroq 2024-yildan boshlab bu ko‘rsatkich pasaya boshladi. 2025-yil oxirida Germaniyada ro‘yxatga olingan Rossiya fuqarolari soni 284 225 nafarni tashkil etdi. Bu holat rossiyaliklarning mamlakatni ommaviy tark etayotganini anglatmaydi. Germaniya fuqaroligini olgan shaxslar, boshqa fuqaroligini saqlab qolgan taqdirda ham, xorijliklar reyestridan chiqariladi.
Fuqarolik olish tartibini yengillashtirgan 2024-yilgi islohotga ko‘ra, Germaniya pasportini olish uchun talab etiladigan yashash muddati sakkiz yildan besh yilgacha qisqartirildi. Shuningdek, boshqa davlat fuqaroligini saqlab qolish imkoniyati kengaytirildi. Ayrim toifalar uchun uch yillik muddatdan keyin fuqarolik olish imkoniyati ham mavjud bo‘lgan, biroq bu qoida 2025-yilda bekor qilingan.
2024–2025-yillarda Rossiya fuqarolariga eng ko‘p Germaniya fuqaroligi Bavariyada berilgan — 7 385 kishi. Shimoliy Reyn-Vestfaliyada 6 136 nafar, Berlinda esa 4 849 nafar rossiyalik fuqarolik olgan.
Shu bilan birga, 2025-yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniyada fuqaroligi bo‘lmagan rossiyaliklar eng ko‘p Shimoliy Reyn-Vestfaliya, Bavariya va Berlinda yashagan. Umuman olganda, so‘nggi ikki yilda Germaniya fuqaroligini olgan Rossiya fuqarolari sonining keskin oshishida qonunchilikdagi o‘zgarishlar muhim omil bo‘lgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!