Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarning eshakda maktabga qatnayotgani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, videodagi holat Kattaqo‘rg‘on tumani markazidan 40 kilometr uzoqda joylashgan «Burgansoy» mahallasidagi Olmosuvon qishlog‘idagi 84-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan.
Mazkur hudud Qo‘shrabot tumani bilan chegaradosh bo‘lib, tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan kichik va tarqoq qishloqlardan iborat. Ichki yo‘llar asosan so‘qmoqlardan tashkil topgan.
Ayni paytda maktabda 92 nafar, uning filialida esa 21 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Filial bilan asosiy maktab binosi o‘rtasidagi masofa 3 kilometrni tashkil etadi. Asosiy binoga qatnaydigan o‘quvchilarning eng uzoq yo‘li 4 kilometr.
5–11-sinflarda jami 74 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ularning 45 nafari Olmosuvon, 13 nafari Qo‘shamazor, 17 nafari To‘lali va 17 nafari Jilqihaydar qishloqlaridan qatnaydi.
Boshqarma izohida tog‘li hudud va aholi punktlarining tarqoq joylashgani sababli mahalliy aholining aksariyat qismi, jumladan, kundalik harakatlanishda eshak kabi ulovlardan foydalanishi qayd etilgan.
Ayni vaqtda mutasaddi tashkilotlar tomonidan olis va tog‘li hududlarda o‘quvchilarning maktabga xavfsiz va qulay qatnashi, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida olis hududlarda joylashgan 715 ta maktab o‘quvchilari uchun bepul maktab avtobuslarini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
2025 yil iyunida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi 20 ta olis maktab o‘quvchilari uchun 17 ta yangi maktab avtobusi taqdim etilgandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!