Vengriya bosh vaziri Peter Madyar Seksard shahrida o‘tkazilgan vino festivalida ovqat olish uchun navbatda turganida bir erkak uning yuziga sharob sepdi. Bu haqda bosh vazir 19-sentabr kuni Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Madyar Pech shahridagi chiqishidan so‘ng uyiga qaytayotib, mahalliy aholining taklifiga binoan Seksarddagi hosil bayrami — Szekszárdi Szüreti Napok festivalida to‘xtagan.
U festivaldagi ovqatlanish shoxobchalaridan birida navbatda turganida noma’lum erkak bir stakan sharobni uning yuziga sepgan.
Voqea aks etgan videoda erkak avval stakandagi ichimlikdan bir qultum ichgani, so‘ng sharobni Madyar tomonga sepib yuborgani ko‘rinadi. Shundan keyin xavfsizlik xodimi erkakni voqea joyidan olib chiqqan.
Madyar esa hodisaga qaramay, festival ishtirokchilari bilan suhbatlashish va suratga tushishda davom etgan.
Bosh vazir voqeadan so‘ng Facebook sahifasida hodisaga munosabat bildirdi.
“Bu janobni hamma yaxshi vaqt o‘tkazayotgani, biz yuzlab odamlar bilan suhbatlashib, suratga tushayotganimiz bezovta qilgan bo‘lsa kerak. U yonimga kelib, ko‘zimga qarashga unchalik jur’at qilmadi. Mazali Seksard vinosiga achinib ketdim”, — deb yozgan Madyar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!