Ruminiyaning Slatina shahridagi Streherets qabristonida COVID-19 pandemiyasi davriga oid inson qoldiqlari va chirimagan jasadlar solingan qoplar topildi. Bu haqda Slatina shahar hokimi Mario De Metsso ma’lum qildi.
Hokimning so‘zlariga ko‘ra, qabristonda ta’mirlash va qabr qazish ishlari olib borilayotgan paytda ishchilar inson suyaklarini aniqlagan va bu haqda politsiyaga xabar bergan. Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar hududda qazish ishlarini davom ettirgan.
De Metsso qazish ishlari davomida yuzlab inson suyaklari hamda COVID-19 pandemiyasi davrida foydalanilgan maxsus qoplarga solingan jasadlar aniqlanganini bildirgan. Qoplarda dafn sanalari ham ko‘rsatilgani aytilmoqda.
Shahar hokimining ta’kidlashicha, qabristonlardan foydalanish qoidalariga ko‘ra, tashlab qo‘yilgan qabrlardan inson suyaklari topilgan taqdirda, ular aynan o‘sha joyda maxsus tayyorlangan bo‘shliqlarga qayta dafn etilishi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, inson qoldiqlari solingan qoplarning bir qismi 16-sentabr kuni aniqlangan. Sud manbalariga ko‘ra, shu kuni bir qabr ostidan olti qop suyak olib chiqilgan, 18-sentabr kuni esa yana 13 qop suyak topilgan.
De Metsso qabristonning sobiq xususiy ma’muriyatini inson qoldiqlarini tegishli tartibda dafn etmaganlikda ayblagan. Uning aytishicha, bir necha yil avval qabristonning sobiq ma’muri dafn qilinishi kerak bo‘lgan jasad solingan tobutni qabrga sig‘dirish uchun arralagan.
Hokimning ma’lum qilishicha, shahar ma’muriyati bir necha sud jarayonidan so‘ng qabristonni xususiy operatordan qaytarib olgan.
De Metsso tergovning borishidan noroziligini bildirib, prokuratura va Olt okrugi politsiyasidan qabriston hududidagi boshqa kriptani ham tekshirishni so‘ragan. Uning aytishicha, ushbu kripta ham yaqinda qurilgan bo‘lib, birinchi kripta ostidan inson qoldiqlari topilgach, ikkinchi hududda ham qazish ishlarini olib borish zarur.
Hokimning ta’kidlashicha, voqea yuzasidan bir hafta o‘tganiga qaramay, hech kim, jumladan, qabristonni boshqargan kompaniya ma’muriyati vakillari ham so‘roq qilinmagan.
Streherets Slatinadagi eng yirik qabristonlardan biri hisoblanadi. U 16 yil avval shahar ma’muriyati tomonidan xususiy kompaniyaga boshqaruv uchun berilgan. So‘nggi yillarda qabristonni boshqarish va undagi xizmatlar uchun undiriladigan to‘lovlar yuzasidan aholi shikoyatlari ko‘paygan.
Shu sababli shahar ma’muriyati ikki yil avval xususiy kompaniya bilan shartnomani bekor qilib, qabristonni o‘z tasarrufiga qaytarish jarayonini boshlagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!