15 sentyabr kuni NATO qiruvchi samolyotlari Litva havo hududiga kirgan dronni urib tushirdi. Bu haqda Litva Prezidenti Gitanas Nauseda ma’lum qildi.
Hodisa Vilnyus va uning atrofida havo xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilinganidan so‘ng yuz bergan. Litva favqulodda vaziyatlar xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, dron mamlakatning markaziy-janubiy qismidagi Kaunas shahri yaqinida, Pratkunay qishlog‘i hududida yo‘q qilingan.
Litva Inqirozlarni boshqarish markazi dron Belarus hududidan kirib kelgani va g‘arb tomon harakatlanganini bildirdi.
Prezident Nauseda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kuchayib borayotgan bir paytda bunday hodisalar mintaqa xavfsizligi uchun jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.
Litva Tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris esa mamlakat havo hududini himoya qilishda yordam bergan NATO ittifoqchilariga minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu voqea alyansning birdamligi va hushyorligini namoyish etgan.
Shu bilan birga, Polsha ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi dron hujumlari fonida harbiy-havo kuchlarini ishga tushirdi. 14 sentyabr kuni Polsha harbiylari Boltiq dengizi sohilidagi Rusinovo qishlog‘i yaqinidan Rossiyaga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan dronni aniqladi.
Polsha Mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning ma’lum qilishicha, dastlabki tekshiruvlar qurilma Rossiyaning “Gerbera” rusumidagi harbiy droniga o‘xshashini ko‘rsatgan. Bunday apparatlar odatda chalg‘ituvchi nishon sifatida qo‘llanadi, biroq portlovchi moddalarni ham olib yurishi mumkin.
Litva, Latviya va Estoniya Rossiya bilan chegaradosh NATO davlatlari hisoblanadi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon ushbu mamlakatlar havo hududiga dronlarning kirib kelishi bilan bog‘liq bir necha hodisa qayd etilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!