Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz va investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari: “Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, — deb alohida ta’kidladi.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi ulkan imkoniyatlar borligi qayd etildi. So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirilgani, birgina joriy yilda esa aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratilgani ma'lum qilindi.
Yakunda hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar munosib natijaga aylanishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.