Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida 12 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan Damas haydovchisi YTH sodir etib, bir bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun 2 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hodisa 2026-yil 26-mart kuni soat 7:30 larda sodir bo‘lgan.
Sud hujjatiga ko‘ra, A.B. 2025-yil 1-martdan boshlab o‘zining Damas avtomashinasida mahalladagi bolalarni boshqa hududdagi bog‘chaga muntazam olib borgan. Hodisa kuni ham u bir nechta xonadondan bolalarni yig‘ib, bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan.
Haydovchining suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u asosiy yo‘ldan bog‘cha joylashgan mahallaga kirish uchun chapga burilish chirog‘ini yoqqan. Burilmoqchi bo‘lganida qarama-qarshi tomondan Gentra kelayotganini ko‘rib, to‘xtagan. Shundan so‘ng Gentra Damasga kelib urilgan va avtomobil ag‘darilib ketgan.
YTH oqibatida haydovchi hushini yo‘qotgan, 12 nafar bola esa turli tan jarohatlari bilan tuman markaziy shifoxonasiga yotqizilgan. Ulardan 2019-yilda tug‘ilgan qizaloq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertiza uning bosh va ko‘krak sohasidagi shikastlar hamda boshqa og‘ir qo‘shma jarohatlar oqibatida vafot etganini qayd etgan.
Qolgan bolalarning ayrimlariga hayot uchun xavfli og‘ir, ayrimlariga o‘rtacha va yengil tan jarohatlari yetgani aniqlangan. Bolalarning ota-onalari sudda farzandlarining ahvoli yaxshilangani va haydovchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan.
Sud hukmi bilan A.B. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, u 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.
Hozirda sud hukmiga ko‘ra, haydovchi 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish va transport boshqarish huquqidan mahrum etish jazolariga tortilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!