5-oktyabrdan Tojikiston va Eron fuqarolari uchun o‘zaro vizasiz rejim to‘liq kuchga kirdi. Endilikda ikki davlat fuqarolari amaldagi xorijga chiqish pasporti bilan quruqlikdagi chegara punktlari va xalqaro aeroportlar orqali vizasiz kirishi, tranzit o‘tishi yoki vaqtincha bo‘lishi mumkin. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Saidjon Shafizoda Asia-Plus’ga ma’lum qildi.
O‘zaro anglashuv memorandumi qoidalariga ko‘ra, fuqarolarga har 90 kunlik davr ichida 30 kungacha qolishga ruxsat etiladi. Vizasiz rejim uchinchi davlatlardan havo yo‘llari orqali kirib kelishga ham tatbiq etiladi, bunda tegishli milliy qonunchilik talablariga rioya qilish lozim.
Mazkur tartib uzoq muddat yashash yoki ishlash huquqini avtomatik ravishda bermaydi. Bunday maqsadlar uchun Tojikiston va Eron qonunchiligida belgilangan alohida talablar bajarilishi kerak.
Tojikiston va Eron o‘rtasidagi vizasiz rejim 2024-yil 10-avgustda joriy etilgan bo‘lib, dastlab faqat Dushanbe–Tehron va Tehron–Dushanbe havo yo‘nalishlariga tatbiq etilgan. Quruqlikdagi chegara punktlari va uchinchi davlatlar orqali safar qiluvchilar uchun esa viza talab qilingan.
Endilikda vizasiz tartibning amal qilish doirasi kengaytirilib, quruqlikdagi chegara punktlari ham qamrab olindi. Shu bilan birga, ikki davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ham 2026-yil 31-may kuni uch oylik tanaffusdan so‘ng qayta tiklangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!