O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7–9-oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Tashrif doirasida davlat rahbari “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Maslahat uchrashuvida siyosiy-diplomatik hamkorlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish va energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, madaniyat, ta’lim, ilm-fan va yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rib chiqiladi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shuningdek, tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga oid ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. MDH tashkil etilganining 35 yilligini nishonlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirlar yakunida qo‘shma hujjatlar to‘plamini qabul qilish, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!