Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga Hindiston hamda Bangladesh fuqarolarini talabalikka qabul qilmaslik bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilgani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bu ma’lumotni rad etdi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijlik abituriyentlarni O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish jarayoni “Study in Uzbekistan” yagona elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Platforma orqali xorijlik abituriyentlar O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari, ta’lim dasturlari, qabul talablari va kontrakt to‘lovlari haqida ma’lumot olishi, hujjatlarini elektron shaklda topshirishi hamda arizasining holatini kuzatishi mumkin.
Vazirlikka ko‘ra, yangi tizimning asosiy maqsadi xorijlik abituriyentlar uchun qabul jarayonini ochiq va shaffof qilish hamda ularning oliy ta’lim tashkilotlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini kengaytirishdan iborat. Platformada ro‘yxatdan o‘tish bepul.
Vazirlik O‘zbekiston xorijiy talabalar oqimini cheklashdan manfaatdor emasligini, aksincha, xorijiy talabalar geografiyasini kengaytirish va ta’lim eksportini rivojlantirishga intilayotganini bildirdi.
Xorijiy talabalarni qabul qilish hajmi har bir oliy ta’lim tashkilotining imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Bunda ta’lim muassasasining o‘quv auditoriyalari, laboratoriya bazasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, talabalar turar joylari va boshqa infratuzilma imkoniyatlari hisobga olinadi.
Vazirlik xorijlik abituriyentlarga O‘zbekistonda ta’lim olish uchun rasmiy “Study in Uzbekistan” platformasidan foydalanish hamda qabul shartlari bo‘yicha ma’lumotlarni bevosita tanlangan oliy ta’lim tashkilotidan olishni tavsiya qildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida 21 042 nafar chet el fuqarosi o‘qish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,5 ming nafarga yoki 2,2 barobarga ko‘p.
Ularning mamlakatlar kesimidagi soni quyidagicha:
Turkmaniston — 9 207 nafar;
Hindiston — 3 723 nafar;
Tojikiston — 1 915 nafar;
Xitoy — 951 nafar;
Qirg‘iziston — 834 nafar;
Pokiston — 689 nafar;
Misr — 603 nafar;
Janubiy Koreya — 526 nafar;
Filippin — 367 nafar;
AQSH — 302 nafar;
boshqa davlatlar — 1 925 nafar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!