Tramp yo‘lbars hujumida halok bo‘lgan yigit haqidagi videolarni tarqatdi
Fojia 10-oktyabr kuni Donkaster shahri yaqinidagi “Yorkshire Wildlife Park” tabiat bog‘ida yuz bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Uilyam Chepmen Oltoy laqabli Amur yo‘lbarsi saqlanadigan volerga o‘zi kirib ketgan. Guvohlar uni to‘xtatishga uringan, biroq yigit taxminan to‘rt metr balandlikdan hayvon saqlanadigan hududga sakragan. Yo‘lbars unga hujum qilgan. Tibbiyot xodimlari yetib kelganiga qaramay, yigit olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Hodisadan so‘ng bog‘ga tashrif buyurganlar evakuatsiya qilingan, muassasa esa vaqtincha yopilgan. Politsiya voqea yuzasidan tekshiruv olib borib, hujum aks etgan videolarni tarqatmaslikka chaqirgan. Bog‘ ma’muriyati Oltoy laqabli yo‘lbars jarohatlanmaganini va uni o‘ldirish rejalashtirilmayotganini bildirgan.
Voqeadan uch kun o‘tib, 13-oktyabr kuni Tramp o‘zining Truth Social sahifasida hujum aks etgan kadrlarni joylashtirib, “Tabiat bilan aslo o‘ynashmang!” deb yozgan. Keyinroq u sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, o‘zi yo‘lbars bilan o‘ynayotgani tasvirlangan videoni ham e’lon qilgan.
Marhumning yaqinlari bu materiallar tarqatilishidan noroziligini bildirgan. Ular bunday kontent o‘zlariga og‘ir botayotganini aytib, uni tarqatishni to‘xtatishga chaqirgan.
Oila a’zolarining ma’lum qilishicha, Uilyam Chepmen uzoq vaqt davomida ruhiy kasallik sababli davolangan va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qabul qilgan. “The Guardian” xabariga ko‘ra, voqeadan keyin tabiat bog‘i yopiq qolgan, yo‘lbarsni esa o‘ldirish rejalashtirilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!