Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasida 1,7 gektar maydonda favvorali sun’iy ko‘l qurilishi boshlandi. Loyiha doirasida ko‘l atrofidagi 5 gektar hududda sayr va sport yo‘lakchalari, bolalar maydonchalari hamda dam olish zonalari tashkil etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, loyiha poytaxtning barcha tumanlarida 12 ta sun’iy suv havzasini barpo etish rejasining bir qismi hisoblanadi. Yangi suv havzasi changni kamaytirish, havoni namlantirish va hududda qulay mikroiqlim yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ko‘l atrofida piyodalar, yuguruvchilar va velosipedchilar uchun yo‘laklar, bolalar maydonchalari, o‘rindiqlar hamda barbekyu zonalari quriladi. Hozirda inshootni mustahkamlash va ko‘lni o‘rab turuvchi himoya devorini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Qurilish ishlarining 30 foizdan ortig‘i bajarilgan, loyihani yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari rahbari Axtam Hamroyevning ma’lum qilishicha, noyabrgacha ko‘l atrofidagi qariyb 800 metr uzunlikdagi devorni qurib bitkazish va bo‘lajak suv havzasi o‘zanidan tuproqni olib chiqish rejalashtirilgan.
Hududda tabiiy suv oqimlari va kanallar bo‘lmagani sababli ko‘l yerosti quduqlaridan olinadigan suv bilan to‘ldiriladi. Loyiha muallifi Muhiddin Xoliqovning aytishicha, suv 30 metr chuqurlikdan tortib olinadi, avtomatik datchiklar esa uning sathini nazorat qiladi. Shuningdek, quyosh panellari, suvni filtrlash va ozonlash tizimlarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joiz, yaqinda Uchtepa tumanida ham 0,8 gektar maydonda sun’iy ko‘l qurilishi haqida xabar berilgan edi. Mazkur loyiha hududida to‘rtta daraxt kesilgani aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar 27,28 million so‘mga baholangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!