Ma’lum qilinishicha, sentyabr oyida Madaniy meros agentligi va Ya. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari tomonidan hududlarda dala-qidiruv ishlari olib borilgan. Tadqiqotlar davomida Zomin tumanining Achchi qishlog‘i sharqida paleolit, Peshag‘or qishlog‘ida esa neolit davriga oid makonlar aniqlangan. Achchi qishlog‘ining g‘arbiy qismi va Arja qishlog‘i hududlarida ham neolit davriga mansub topilmajoylar qayd etilgan.
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, bir hududda paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning aniqlanishi qadimgi jamoalar Zomin vohasi va Turkiston tizmasining ushbu qismida uzoq vaqt yashab, hududdan muntazam foydalanganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi Ravot qishlog‘i hududida, Ravotsoyning chap sohilida yangi qoyatosh suratlari majmuasi topilgan. Yetti dona slanets qoyatosh yuzasida jami 30 ga yaqin petroglif qayd etilgan. Ular orasida ovchi, tog‘ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi va kamondan o‘q uzayotgan ovchi tasvirlari bor. Dastlabki tahlillarga ko‘ra, petrogliflar bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan davrga oid.
Yangi topilmalar Jizzax vohasi va Turkiston tizmasining qadimgi tarixini, jumladan, bu hududlarda yashagan jamoalarning turmush tarzi, tarqalishi va madaniy jarayonlarini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Kelgusida yodgorliklarda keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazilib, topilmalar davrlashtiriladi va ilmiy hujjatlashtiriladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!