Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 15 kilogramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Ikki holat bo‘yicha gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, qamoqqa olingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, IIV Tezkor-qidiruv departamenti, uning hududiy bo‘linmalari, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda transmilliy jinoiy guruh a’zolarining faoliyati aniqlangan.
Birinchi holatda, jinoiy guruh yetakchisi va uning 1985 hamda 1973-yillarda tug‘ilgan sheriklari Toshkent–Andijon magistral yo‘lida oldindan yashirib ketilgan 13 kilogramm gashishni olayotgan vaqtda ushlangan. Ular giyohvandlik vositasini qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tishni rejalashtirgan.
Ikkinchi holat Bo‘ka tumanida aniqlangan. Tezkor tadbir davomida 1972-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 1976-yilda tug‘ilgan shaxsga 2 kilogramm opiyni 20 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, jami 13 kilogramm gashish va 2 kilogramm opiy musodara qilingan. Ushbu giyohvandlik vositalarining 75 ming dozaga teng miqdori noqonuniy muomalaga chiqarilishining oldi olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!