Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi 5 yoshli qizaloqqa nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani aytilayotgan bog‘chaga bordi. Vazir holatni o‘rganish va mas’ullarning faoliyatiga baho berish jarayonini shaxsiy nazoratiga olganini bildirdi.
Karimovaning aytishicha, voqea haqida xabar topgan paytda u Andijon viloyatida bo‘lgan. U Toshkentga qaytish o‘rniga Namanganga borib, hodisa tafsilotlari, mas’ullar tomonidan ko‘rilayotgan choralar va amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan. Vazir tergov jarayoniga xalaqit bermaslik hamda qizaloqning shaxsiga oid ma’lumotlarni himoya qilish maqsadida voqea tafsilotlari avvalroq jamoatchilikka oshkor qilinmaganini tushuntirdi.
Hodisaga aloqadorlikda gumon qilinayotgan barcha xodimlar ishdan olingan. Mas’ullarning xizmat vazifalarini qanday bajarganini aniqlash va ularning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun maxsus ishchi guruh tuzilgan. Vazirning ta’kidlashicha, tekshiruv davomida kim o‘z vazifasini bajarmagani va kim beparvolikka yo‘l qo‘ygani aniqlanadi. Aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, ayni paytda mamlakatdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining faoliyati o‘rganilmoqda. Tekshiruv rahbarlardan tortib texnik xodimlargacha bo‘lgan barcha xodimlarni qamrab oladi. Karimova bolalar xavfsizligi har bir xodim va rahbarning asosiy vazifasi ekanini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Namangandagi bog‘chada ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan 12-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi hamda 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlangan va sud tomonidan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!