Kalgari universiteti olimlari 64 ta mamlakatdan 2,8 milliondan ortiq bola haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib, ekran qarshisida ko‘proq vaqt o‘tkazish bolalarning o‘qishi, nutq rivojlanishi va emotsional holatidagi ayrim muammolar bilan bog‘liq ekanini aniqladi. Tadqiqot natijalari JAMA Pediatrics jurnalida chop etilgan.
Olimlar ekran vaqtining bolalar rivojlanishiga ta’siri haqidagi avvalgi yirik ilmiy sharhlarni umumlashtirgan. “Soyabon sharh” deb ataluvchi tahlilda smartfon, televizor va boshqa qurilmalardan foydalanish, jumladan o‘yinlar, ijtimoiy tarmoqlar, video tomosha qilish va muloqot qilish hisobga olingan. Ekran qarshisida ko‘proq vaqt o‘tkazish umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichining pastligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Biroq matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha alohida natijalarda aniq bog‘liqlik aniqlanmagan.
Tadqiqotda uzoq vaqt ekran qarshisida bo‘lish nutq rivojlanishining pastroq ko‘rsatkichlari, shuningdek, emotsional va ijtimoiy muammolar bilan bog‘liqligi qayd etilgan. Bolalarda tengdoshlari bilan muloqot qilishdagi qiyinchiliklar, xavotir va depressiya simptomlari, shuningdek, agressiya, diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik belgilari ham ko‘proq uchragan.
Mutaxassislar natijalarni gadjetlardan foydalanish ushbu muammolarning bevosita sababi ekaniga dalil sifatida talqin qilmaslik kerakligini ta’kidlagan. Tadqiqot kuzatuv ishlari ma’lumotlarini umumlashtirgani sababli sabab-oqibat bog‘lanishini aniqlash imkonini bermaydi. Shuningdek, ekran faoliyatining qaysi turlari bolalar rivojlanishiga ko‘proq ta’sir qilishi hozircha aniq emas. Tadqiqotchilar ekran vaqtini bolalar rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartiriladigan omillardan biri sifatida qayd etgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!