Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan alkogolsiz ichimliklarning qadoqlariga tarkibidagi shakar miqdoriga qarab ogohlantirishlar joylashtiriladi. Har 100 ml mahsulotda 5–8 gramm shakar bo‘lsa, sariq fonda “O‘rtacha shakar miqdori”, 8–11 gramm bo‘lsa, to‘q sariq fonda “Shakar miqdori yuqori” degan yozuv qo‘yiladi. 11 gramm va undan ortiq shakar mavjud bo‘lganda esa qizil fonda “Juda yuqori shakar miqdori — tez-tez iste’mol qilish salomatlikka zarar” degan ogohlantirish beriladi.
Yozuvlar qadoqning old qismida, umumiy yuzasining kamida 15 foizini egallagan holda joylashtirilishi va iste’molchiga birinchi qarashda aniq ko‘rinishi kerak. Shuningdek, mahsulot tarkibi, kaloriyasi va kunlik iste’mol me’yori haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod bo‘lishi talab etiladi.
Loyihada shakar miqdorini aniqlash uchun yagona laboratoriya metodikasini tasdiqlash, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tahlillar o‘tkazish va yuqori miqdorda shakar saqlagan ichimliklar reyestrini yuritish ham nazarda tutilgan. 2027-yil 1-dekabrgacha monitoringning yagona raqamli platformasini ishga tushirish, 2028-yil 1-yanvardan esa import qilinadigan ichimliklar tarkibidagi shakar miqdorini elektron deklaratsiyalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan ta’lim muassasalarida shakar miqdori ko‘rsatilmagan holda tamg‘alangan alkogolsiz ichimliklar savdosini bosqichma-bosqich cheklash ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!